Savol-javob

Savol-javob

Ayrim ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan  murojaatga munosabat 

ATB InFinBank Toshkent viloyat (Qibray) filialida 2022 yil 12 sentyabr' soat taxminan 12:00 lar atrofida valyuta ayirboshlash shahobchasida o‘rnatilgan UzCard terminalida texnik nosozlik kuzatilgan, tegishli xodimlar tomonidan qayta sozlash va tuzatish maqsadida terminal vaqtincha kassadan olingan va mijozlar uchun bu haqdagi tegishli e'lon kassa oynasiga joylashtirilgan.

Shu  vaqt oralig‘ida faqatgina bir mijoz valyuta zarurligi, shu yerda almashtirishni talab qilganligi sababli chiqim kassasiga o‘rnatilgan naqd pul yechish uchun mo‘ljallangan terminaldan kartadagi pulni naqd yechish imkoni mavjudligi taklif qilingan va amaliyot bajarilgan. 

12 sentyabr soat 16-00 xolatiga terminaldagi nosozlik to‘liq bartaraf etilgan va valyuta ayirboshlash shahobchasida mijozlarga odatdagi tartibda, xususan UzCard terminali orqali ham xizmat ko‘rsatilmoqda.
ATB InFinBank yuzaga  kelgan noqulaylik uchun bank mijozlaridan uzr so‘raydi.

Naqd pul mijozning talabi va talabnomasida ko‘rsatilgan vaqt ichida beriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1996 yil 24 oktyabrdagi «Respublikada naqd xorijiy valyuta muomalasini tartibga solish choralari to‘g‘risida»gi PF-1601-sonli farmoniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi hududida yuridik va jismoniy shaxslar rezidentlar va norezidentlar, shu jumladan xorijiy sarmoyalar ishtirokidagi korxonalar tomonidan barcha turdagi ishlar va xizmatlar haqini, shu jumladan maosh va unga tenglashtirilgan to‘lovlarni berishda naqd xorijiy valyutada hisob-kitoblar hamda to‘lovlarni amalga oshirishlari qat'iyan man qilingan.



Mazkur to‘lovlar O‘zbekiston Respublikasining naqd milliy valyutasida, shuningdek so‘mlarni respublika tijorat banklaridagi tegishli hisobvaraqlarga o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshirilishi mumkin. Norezidentlar uchun to‘lovlar yuqorida ko‘rsatilgan to‘lov shakllari bilan bir qatorda xorijiy valyutani ularning O‘zbekiston Respublikasidan tashqaridagi valyuta hisobvaraqlariga o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 2 dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-4861-sonli Farmoniga asosan O‘zbekiston Respublikasi hududida mehmonxonalarda va boshqa joylashtirish joylarida xorijiy fuqarolarga hamda O‘zbekiston Respublikasida doimiy turar joyiga ega bo‘lmagan, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga, joylashtirish bo‘yicha xizmatlarga shu jumladan turizm faoliyati sub'ektlari orqali haq to‘lash faqat erkin almashtiriladigan valyutada amalga oshiriladi, ular uchun to‘lov respublikaning taklif etuvchi davlat va byudjet tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladigan holatlar bundan mustasno.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra jismoniy shaxslar O‘zbekiston Respublikasiga olib kirilgan va jo‘natilgan, shuningdek O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqilgan va jo‘natilgan valyuta boyliklariga ega bo‘lishi va ushbu valyuta boyliklarini erkin tasarruf etishi mumkin.

Xalqaro pul o‘tkazmalari jismoniy shaxslar tomonidan hech qanday to‘siqlarsiz amalga oshiriladi va xalqaro pul o‘tkazmalari orqali yuborilgan pul mablag‘lari yuborilgan xorijiy valyutada qabul qilinadi.

Qonunchilikka muvofiq tashqi qarzni jalb etish bilan bog‘liq valyuta operatsiyasini amalga oshirish uchun talab qilib olguncha asosiy hisob raqam ochilgan bankka ariza, qarz shartnomasi va unga tegishli hujjatlarni topshirish lozim.

Bunda hujjat matni davlat yoki rus tilida bayon etilgan bo‘lishi, agar hujjat matni boshqa tilda bayon etilgan bo‘lsa, u legallashtirilgan yoki unga belgilangan tartibda apostil' qo‘yilgan bo‘lishi hamda davlat yoki rus tiliga tarjima qilingan va notarial tasdiqlangan bo‘lishi kerak.

Yuqoridagi hujjatlar topshirilgandan so‘ng bank qarz shartnomasi bo‘yicha kelib tushgan mablag‘larni korxonaning hisob raqamiga o‘tkazadi.

Qonunchilikka muvofiq beg‘araz yordam oluvchilarning hisobvaraqlariga xizmat ko‘rsatish O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki va «Asaka» aksiyadorlik tijorat banklarining zimmalariga yuklangan.

Shu munosabat bilan, hisob raqamingizga xorijiy tashkilotlardan beg‘araz yordam mablag‘lari kelib tushganda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki va «Asaka» aksiyadorlik tijorat banklariga maxsus hisob raqam ochish uchun murojaat etishingiz zarur. O‘z navbatida, kelib tushgan mablag‘larni sizning maxsus hisob raqamingizga o‘tkazish uchun yuqoridagi banklarga topshiriqnoma berishingiz lozim.

Tashqi savdo shartnomalari bo‘yicha axborotlarni Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga (TSOYaEAT) kiritish «E-Kontrakt» yoki «VED kontrakt» dasturlari orqali amalga oshiriladi. Ushbu dasturlarda ishlash tartibi xizmat ko‘rsatuvchi bank tomonidan tushuntiriladi. Shuningdek, xizmat ko‘rsatuvchi banklar Tashqi savdo shartnomalari bo‘yicha axborotlarni Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga (TSOYaEAT) kiritishda ham yordam berishlari mumkin.

Rezident–jismoniy shaxslarga tijorat banklar tomonidan chet el valyutasini xalqaro to‘lov kartalaridan foydalangan holda naqdsiz shaklda sotish banklarning konversion operatsiyalar bo‘limlari orqali amalga oshiriladi.

Bunda, rezident–jismoniy shaxs chet el valyutasini sotib olish uchun tijorat bankining konversion operatsiyalar bo‘limiga shaxsni tasdiqlovchi hujjat (pasport, O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi yoki O‘zbekiston Respublikasi harbiy xizmatchilari uchun harbiy bilet) mijozning nomiga ochilgan xalqaro to‘lov kartasi hamda valyuta ayirboshlash operatsiyalarini amalga oshirish uchun milliy valyutada bank hisob-raqamida yetarli miqdorda pul mablag‘lari mavjud bo‘lgan shaxsiy bank kartasini taqdim etganda amalga oshiriladi.

Rezident-jismoniy shaxslarning shaxsiy kartasida yetarli miqdorda milliy valyutadagi mablag‘ bo‘lmagan taqdirda, shaxsiy karta emitent bankning istalgan filialida naqd milliy valyutani bank kassasiga topshirish orqali to‘ldirilishi mumkin.

Shaxsiy kartada milliy valyutadagi mablag‘ yetarli bo‘lganda, rezident-jismoniy shaxs tomonidan bankka chet el valyutasini sotib olish uchun ariza orqali murojaat etiladi.

Milliy valyutadagi mablag‘ tijorat bankning operatsiya bajariladigan kundagi chet el valyutasini sotish kursi bo‘yicha to‘lov terminali orqali yechib olinadi va rezident-jismoniy shaxsning xalqaro to‘lov kartasiga o‘tkazib beriladi.

Bank va rezident-jismoniy shaxs o‘rtasidagi munosabatlar chet el valyutasida bank hisobvaraqlarini ochish bo‘yicha ikki tomonlama shartnoma talablari asosida tartibga solinib, mazkur shartnomada xalqaro to‘lov kartasidan foydalanish qoidalari ko‘rsatiladi.

Internet «do‘konlar»da tovarlarni xarid qilishda onlayn to‘lovlarni xalqaro to‘lov kartalaridan (masalan, VISA, MasterCard va boshqalar) foydalangan holda amalga oshirish mumkin. Mazkur kartalar respublikamizning banklari tomonidan muomalaga chiqariladi.

×

Saytda ovoz joʻrligidan foydalanish boʻyicha yoʻriqnoma

Hurmatli foydalanuvchilar! Saytda ovoz joʻrligidan foydalanish imkoniyati mavjud. Ushbu funktsiyadan foydalanish uchun ovozli rejimga oʻtish zarur, keyin kerakli matnni belgilab, hosil boʻlgan belgini bosish lozim.
* Saytdagi ovoz joʻrligi funktsiyasi Windows Vista va undan oldingi versiyadagi operatsion tizimlarda ishlamaydi.