Andijon viloyat filiali omonatchisi holati bo‘yicha munosabat
Ayrim tarmoqlarda Infinbank Andijon viloyat filiali omonatchisining huquqlari buzilganiga oid tarqatilgan xabarlarga nisbatan quyidagilarni ma'lum qilamiz:Birinchidan, Infinbank omonatlar daxlsizligi va kafolatlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi talablariga to‘liq rioya qiladi.
Ikkinchidan, bank siri bo‘yicha ma'lumotlar daxlsizligi kafolatlaridan kelib chiqib, holat bo‘yicha quyidagilarni ochiqlash mumkin: Andijon viloyat filiali mijozi T.B. identifikasiyadan o‘tgan holda foydalanib kelgan bankning mobil ilovasi orqali onlayn omonat rasmiylashtirgan. 2022 yilning 7 noyabr' kuni omonatning 1.3 mlrd so‘mlik qismi pul mablag‘larini ilovadagi elektron hamyoniga o‘tkazgan. Hamyonga o‘tkazilgan mablag‘lar notarial rasmiylashtirilgan ishonchnoma orqali mijozning ishonchli vakili I.M. tomonidan shu kunning o‘zida bankning kassasidan naqd shaklda yechib olingan. Mijoz omonatining qolgan qismi bank omonatida saqlanmoqda.
Uchinchidan, bank mijozi bank bilan shartnomaviy munosabatlarida e'tiroz va qonun buzilishi holatlariga duch kelgan taqdirda huquqni muhofaza qilish organlariga va sudga murojaat qilish imkoniyatga ega ekanligi bir necha bor tushuntirilgan.
To‘rtinchidan, Bank mijozi va uning ishonchli vakili o‘rtasidagi kelishmovchilik va boshqa munosabatlarga bank aralasha olmaydi.
Bankimiz mijozlaridan tarmoqlarda tarqatilayotgan tasdiqlanmagan ma'lumotlarga ishonmasliklarini so‘rab qolamiz.