«InfinBANK» O‘zbekkistonda xususiy biznesni moliyalashtirish uchun 25 mln dollar jalb qildi
«InfinBANK» ATB Xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha Islom korporatsiyasi (XSRIK) hamda Savdoni moliyalashtirish xalqaro islom korporatsiyasi (SMXIK) bilan O‘zbekistondagi kichik va o‘rta biznes loyihalarini moliyalashtirish yuzasidan liniyalar ajratish bo‘yicha kelishuvlarni imzoladi.
«InfinBANK» ATB O‘zbekistonda islom bankingi rivojiga alohida e'tibor qaratib, kreditlash imkonini shariat tamoyillari bo‘yicha kengaytirish choralarini ko‘rmoqda. XSRIK va SMXIK tomonidan moliyalashtirish bankka bu yo‘nalishdagi ishlarni kuchaytirish hamda bank mahsulotlari assortimentini oshirish imkoniyatini beradi.
Xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha Islom korporatsiyasi bilan kelishuv 2021 yil sentyabr oyida Islom taraqqiyot banki a'zolari bo‘lgan mamlakatlar kengashining yillik majlisi doirasida imzolangan edi. Kelishuv doirasida murabaxa tamoyili bo‘yicha 10 mln dollar mablag‘ ajratildi. Bu mablag‘lar uch yillik muddatli loyihalarni, shu jumladan, olti oylik imtiyozli davrni qo‘shgan holda moliyalashtirishga yo‘naltiriladi. Moliyalashtirish miqdori 300 ming dollardan 5 mln dollargacha bo‘lishi ko‘zda tutilmoqda.
Kelishuv shartlariga binoan, davlat ulushi 49 foizdan oshmagan va kamida 10 nafar xodim ishlaydigan korxonalar moliyalashtirish olishlari mumkin. Kredit liniyasi doirasida turizm, mudofaa va ko‘chmas mulk sohalaridagi loyihalar, shuningdek, shariat tamoyillariga mos kelmaydigan biznes turlari moliyalashtirilmaydi. «InfinBANK» mijozlar tomonidan moliyalashtirish liniyasi bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishlari yuzasidan XSRIK oldidagi kafolat banki sifatida turadi.
«InfinBANK» bilan SMXIK o‘rtasidagi kelishuv 2021 yil 13 dekabrda imzolandi, unda xususiy va davlat korxonalarini moliyalashtirish uchun 15 mln dollar mablag‘ ajratish ko‘zda tutilgan. Savdoni moliyalashtirish muddati bir yil bilan cheklanadi. Loyiha summasi 100 ming dollardan 10 mln dollargacha bo‘lishi lozim.
Ushbu moliyalashtirish liniyasi bo‘yicha, shuningdek, shariat tamoyillariga mos kelmaydigan biznes turlari ham moliyalashtirilishi mumkin. Bank mijozlar tomonidan moliyalashtirish liniyasi bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishlari yuzasidan kafolat hisoblanadi.
Xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha Islom korporatsiyasi (Islamic Corporation for the Development of the Private Sector) butun dunyo bo‘ylab 450 dan ortiq loyihalarni amalga oshirgan. Korporatsiya islom bankingi doirasida 3,16 mlrd dollardan ortiq mablag‘ ajratgan, bu mablag‘lardan 1 milliondan ortiq mijozlar foydalangan.
Savdoni moliyalashtirish xalqaro islom korporatsiyasi (International Islamic Trade Finance Corporation) Islom taraqqiyot bankining a'zosi hisoblanadi, u o‘z oldiga Islom Hamkorlik Tashkiloti mamlakatlari o‘rtasida savdo aloqalarini kengaytirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. O‘tgan yili korporatsiya Osiyo va MDH dagi yettita mamlakatda umumiy summasi 1,28 mlrd dollardan ortiq bo‘lgan 37 ta loyihani tasdiqladi.