“InfinBANK” oʻz karta protsessingini yoʻlga qoʻyish orqali bank mahsulotlarining qatorini kengaytirmoqda
“InfinBANK” aksiyadorlik-tijorat banki bank kartalariga oid oʻz protsessingini yoʻlga qoʻyib, Visa va Union Pay tizimlarining prinsipial aʼzosiga aylandi.
Bank 2014-yildan buyon Visa tizimida uyushgan aʼzo sifatida qayd qilingan edi. Shunday boʻlsa-da, oʻz karta protsessing tizimiga oʻtish moliyaviy muassasa uchun avvalboshdan ustuvor rejalar qatoridan oʻrin olib kelgan, chunki aynan mana shunday tizimning yoʻqligi bankning karta siyosatini amalga oshirishda ayrim qiyinchiliklarni tugʻdirayotgan edi. Xususan, bu mijozlarga koʻrsatilayotgan xizmatlar tezligi va sifatida ham aks etayotgan edi.
Oʻz protsessing tizimi bankka mustaqil karta siyosatini yuritish, Visa va Union Pay kabi xalqaro toʻlov tizimlari bilan bevosita hamkorlik aloqalarini oʻrnatish, shuningdek, karta chiqarilishiga oid biznes jarayonlarni avtomatlashtirish imkonini taqdim etadi.
Oʻz protsessing tizimini yaratish jarayoni 2020-yilda boshlanib, 2021-yilda yakunlandi. Bank dastur-apparat majmuasi, uskuna, dasturiy taʼminot va kriptografik qurilma xarid qilish uchun tender oʻtkazdi, unda butun jahonga mashhur Tieto, Compass Plus, TSYS, OpenWay Group, BPC Group, Oracle, Cisco va boshqa ixtisoslashgan kompaniyalar ishtirok etishdi. Tender natijalariga koʻra karta va toʻlov tizimlariga xizmat koʻrsatuvchi platforma taʼminotchisi sifatida bosh qarorgohi Bryussel (Belgiya) shahrida joylashgan hamda butun dunyo boʻylab oʻz idoralariga ega boʻlgan, karta protsessingi va elektron toʻlovlar bozorida 1995-yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan toʻlov biznesining rivoji uchun yuqori texnologiyali yechimlar va professional xizmatlar taqdim qiluvchi OpenWay Group kompaniyasi tanlab olindi. OpenWay Group mijozlari orasidan Sberbank Rossiya, Gazpromneft (Rossiya neft va gaz kompaniyasi), Qozogʻiston Xalq Banki (Halyk Bank), Raiffeisenbank International va boshqa nomdor kompaniyalar oʻrin olgan.
Maʼlumotlar bazasi uchun dasturiy taʼminotni Oracle, server uskunasini Cisco, kriptografik uskunani esa HSM Thales kabi oʻz sohasida ishonchli va bozor yetakchilari hisoblangan kompaniyalar yetkazib berishdi.
Bank mehnat jamoasining ulkan mehnati va sayi-harakatlari natijasida 2020-yilning 1-dekabr kuni “InfinBANK” ATB rasmiy tarzda Visa toʻlov tizimining prinsipial aʼzosiga aylandi va oʻtgan yilning 15-noyabrida oʻz protsessing tizimini ishga tushirdi.
Mazkur protsessing tizimining yoʻlga qoʻyilishidan hosil boʻladigan afzalliklarni tez orada “InfinBANK”ning barcha mijozlari his etishadi: bu taqdim etilayotgan xizmatlar tezligiga hamda bank mahsulotlari assortimentining kengayishiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Xususan, kredit va virtual kartalarni chiqarish, VISA Direct xizmatlarini koʻrsatish, shuningdek, kartada yuz beradigan shubhali harakatlarning oldini olish imkonini beruvchi 3D-Secure texnologiyasi va frod-monitoring dasturini joriy etish orqali mijozlar mablagʻlarining xavfsizligini kuchaytirish kabi loyihalarni amalga oshirish uchun barcha shart-sharoitlar mavjud. Mijozlarga bank kartalarini yetkazib berish xizmati esa qoʻshimcha qulaylik boʻladi.